“Markaziy dehqon bozori” AJ kuzatuv kengashining 2022-yil

17-iyundagi 03/2022-sonli

yigʻilish qarori bilan

TASDIQLANGAN

“MARKAZIY DEHQON BOZORI”

aksiyadorlik jamiyati 

KUZATUV KENGASHI HUZURIDAGI AUDIT QOʻMITASI TOʻGʻRISIDA

NIZOM

 

Jizzax shahri – 2022-yil

  1. Umumiy qoidalar
    • Mazkur Nizom (keyingi oʻrinlarda – Nizom) Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning xuquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmoniga, Vazirlar Mahkamasining “2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2021-yil 29-martdagi 166-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “2021 — 2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasiga, “Markaziy dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda – Jamiyat) ustaviga, Kuzatuv kengashi toʻgʻrisidagi Nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Jamiyat Kuzatuv kengashi huzuridagi Audit qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarlarda – Audit qoʻmitasi) huquqiy maqomini, tarkibini, vakolatlarini va uning ishlash tartibini belgilaydi.
    • Audit qoʻmitasi eng muhim masalalarni koʻrib chiqish va Jamiyatning Kuzatuv kengashiga tavsiyalar tayyorlash uchun Jamiyat Kuzatuv kengashining qarori asosida tashkil etiladi.
    • Audit qoʻmitasi oʻz faoliyatini amaldagi qonunchilik, Jamiyat ustavi va mazkur Nizomga asosan amalga oshiradi.

 

  1. Audit qoʻmitasining tarkibi
    • Audit qoʻmitasi faqat Jamiyat Kuzatuv kengashining aʼzolaridan 3 kishidan iborat tarkibda tashkil etiladi. Audit qoʻmitasi tarkibiga kamida bir nafar Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi kiritilishi shart.
    • Audit qoʻmitasining aʼzolari Jamiyat Kuzatuv kengashi raisining tavsiyasi asosida Kuzatuv kengashi aʼzolaridan ularning vakolat muddati davriga koʻpchilik ovoz bilan saylanadi. Audit qoʻmitasining raisi Audit qoʻmitasi aʼzolari orasidan Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Audit qoʻmitasining raisi Jamiyat Kuzatuv kengashining raisi boʻlmasligi lozim.
    • Audit qoʻmitasining tarkibiga saylangan Kuzatuv kengashi aʼzolari cheklanmagan tarzda qayta saylanishi mumkin.
    • Audit qoʻmitasiga moliyaviy tahlil va buxgalteriya sohasida bilim-larga ega boʻlgan Jamiyat Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi rahbarlik qiladi.
    • Audit qoʻmitasining aʼzolari oliy maʼlumotga, audit xizmati maqsadlari va vazifalariga mos keluvchi malaka va tajribaga ega boʻlishi lozim. Audit qoʻmitasining kamida bitta aʼzosi audit, buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot boʻyicha bir necha yillik tajribaga ega boʻlishi kerak.
    • Audit qoʻmitasining aʼzosi bir vaqtning oʻzida Jamiyat auditorlik tashkilotining xodimi boʻlmasligi kerak. Shuningdek, Audit qoʻmitasi aʼzosining yaqin qarindoshlari Jamiyat auditorlik tashkilotining xodimi boʻlmasligi kerak.
    • Audit qoʻmitasi aʼzolari oʻrtasidagi funksiyalar taqsimlanishi Audit qoʻmitasining raisi tomonidan amalga oshiriladi.
  • Audit qoʻmitasining asosiy vazifalari
    • Audit qoʻmitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
    • Jamiyatda moliyaviy hisobotni tuzishning toʻgʻriligi ustidan nazorat oʻrnatish;
    • mustaqil auditorlik tashkilotining tanlanishi, auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishi jarayonlarini kuzatish;
    • ichki va tashqi auditorlik tekshiruvlari natijalarini olish hamda oʻrganish;
    • nazoratga oid, moliyaviy va boshqa hisobotlarning taqdim etilishini, toʻliqligini, ishonchliligini nazorat qilish;
    • oʻz vakolati doirasidagi masalalar yuzasidan Kuzatuv kengash majlislariga maʼlumotlar tayyorlash va unga hisobotlar taqdim etish;
    • Jamiyatning ichki nazorat tizimi va ichki auditi faoliyati samaradorligi va monandligini taʼminlash uchun ularni baholash, ichki audit tekshiruvlari rejasi va ularning davriyligini koʻrib chiqish, ichki audit xizmati rahbari oʻz vazifa va majburiyatlarini qay darajada amalga oshirayotganligini baholashda ishtirok etish va oʻz fikrlarini bildirish;
    • auditorlik tashkilotining takliflarini baholashda Kuzatuv kengashiga amaliy yordam berish, tashqi auditorni tanlash va belgilashda Kuzatuv kengashiga tavsiyalar tayyorlash;
    • auditorlik tashkilotining xizmatlariga toʻlanadigan eng koʻp haq miqdori va u bilan shartnoma tuzilishi (bekor qilinishi) toʻgʻrisida Kuzatuv kengashiga takliflar kiritish;
    • auditorlik tashkilotining hisoboti va xulosalarini koʻrib chiqish va ularni Kuzatuv kengashiga taqdim etish;
    • auditorlik tashkilotining faoliyati qoniqarsiz deb baholangan taqdirda, uni oʻzgartirish yuzasidan Kuzatuv kengashiga tavsiyalar berish;
    • Jamiyat faoliyatining shaffofligi va maʼlumotlarning oshkor qilinishi yetarli darajada va aniq ekanligini koʻrib chiqish;
    • oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot tayyorlash;
    • auditorlik tashkilotini jalb qilish uchun oʻtkaziladigan tanlov (tender) shartlari va qoʻyiladigan talablarni belgilash;
    • Kuzatuv kengashi tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish.
    • Audit qoʻmitasi moliyaviy hisobotlarning haqqoniyligini nazorat qilish va tavakkalchilikning samaradorligini taʼminlash uchun:
    • ichki auditning yillik ish rejasini tasdiqlash uchun Kuzatuv kengashiga kiritadi;
    • auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqadi;
    • Kuzatuv kengashi oldida audit masalalari boʻyicha hisobot beradi.
  1. Audit qoʻmitasi majlislarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
    • Audit qoʻmitasining majlisi Audit qoʻmitasining raisi tomonidan uning oʻz tashabbusiga koʻra, Audit qoʻmitasining aʼzolarining talabiga koʻra, shuningdek, Jamiyat ichki audit xizmati rahbarining yozma talabiga koʻra chaqiriladi.
    • Audit qoʻmitasi har chorak yakuniga koʻra, zarur boʻlganda har oyda, qoʻmita aʼzolarining shaxsan ishtirokida yoki boshqa aloqa tarmoqlaridan foydalanish yoʻli bilan oʻz majlislarini oʻtkazib turishi lozim. Audit qoʻmitasi Jamiyatning ijroiya organi va boshqa shaxslarni qoʻmita majlislariga qatnashish uchun taklif qilishi, shuningdek zarur boʻlganda ulardan axborot talab qilishi mumkin.
    • Audit qoʻmitasi aʼzolari muayyan masalaning kechiktirilmay hal etilishini talab qiladigan qoidabuzilishlar aniqlangan taqdirda qoʻmitaning shoshilinch majlisini chaqirilishini talab qilishlari mumkin.
    • Audit qoʻmitasi oʻz majlislarini Jamiyat Kuzatuv kengashi majlislaridan oldin oʻtkazadi.
    • Audit qoʻmitasining raisi qoʻmita majlisidagi barcha ishtirokchilarga uni lozim darajada oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va unda olib chiqilgan masalalarni muhokama qilishda faol ishtirok etish imkoniyatlarini yaratadi. Audit qoʻmitasining aʼzolari qoʻmita majlislarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish hamda ularda ishtirok etish uchun yetarli darajada vaqt ajratishlari lozim.
    • Audit qoʻmitasi majlisida uning aʼzolarining eng kamida 2/3 qismi ishtirok etsa, majlis vakolatli hisoblanadi, bunda qoʻmita raisi ishtirok etishi shart.
    • Audit qoʻmitasining majlisida qarorlar majlisda hozir boʻlganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
    • Audit qoʻmitasining majlisida masalalar hal etilayotganda Audit qoʻmitasining har bir aʼzosi bitta ovozga ega boʻladi. Ovozlar teng kelgan taqdirda, qoʻmita raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Audit qoʻmitasining qaroriga rozilik bildirmagan qoʻmita aʼzosi oʻzining majburiy tartibda majlis bayonnomasiga ilova qilinadigan alohida fikrini qayd etib qoʻyish va uni Kuzatuv kengashi eʼtiboriga havola qilish huquqiga ega.
    • Audit qoʻmitasining qarori Audit qoʻmitasi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu bayonnoma qoʻmita kotibi tomonidan yuritiladi va ovoz berishda ishtirok etgan qoʻmita aʼzolari tomonidan imzolanadi.
    • Audit qoʻmitasi majlislariga kotiblik qilish vazifasini Jamiyat rahbarining oʻrinbosarlaridan biri
    • Audit qoʻmitasining raisi:

Audit qoʻmitasining ishini tashkil etadi;

Audit qshmitasi majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;

Audit qoʻmitasi majlislarida bayonnoma yuritilishini tashkil etadi;

Jamiyat ichki meʼyoriy hujjatlari va mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.

  • Audit qoʻmitasining kotibi:

Audit qoʻmitasi majlislari bayonnomalarini yuritadi va rasmiylashtiradi;

Audit qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqilishi uchun kun tartibidagi masalalar boʻyicha materiallarni tayyorlaydi va taqdim qiladi;

Audit qoʻmitasining qarorlarini, xulosalarini va bayonnomalarini oluvchilargacha yetkazadi.

  • Audit qoʻmitasi vakolati doirasida qabul qilingan barcha qarorlar qabul qilingan kunidan boshlab, Jamiyat ijroiya organi va boshqa mansabdor shaxslari uchun ijro etish majburiydir. Ushbu qarorlarda koʻrsatib oʻtilgan mansabdor shaxslar qarorning oʻz vaqtida hamda qaror ijrosiga mos ravishda bajarilishiga shaxsan javobgardirlar. Audit qoʻmitasi qarorlari ijrosini nazorat qilish Audit qoʻmitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
  • Jamiyat ichki audit xizmati rahbari, uning xodimlari Audit qoʻmitasining majlislarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etishlari mumkin.

 

  1. Audit qoʻmitasi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
    • Audit qoʻmitasi aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:

Jamiyat ijro organi aʼzolarining va Jamiyatning boshqa mansabdor shaxslaridan oʻz faoliyati uchun kerakli barcha hujjatlarni va materiallarni taqdim etishni talab qilish;

auditorlik tashkiloti va ichki audit xizmatidan hujjatlarni va materiallarni soʻrab olish va ulardan foydalanish;

agar Jamiyatga jiddiy moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan yoki yetkazilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan qoidabuzilishlar aniqlansa, ijroiya organi majlisi chaqirilishini talab qilish;

Jamiyatning tarkibiy boʻlinmalari xodimlari, shu jumladan rahbarlaridan koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha izohlar talab qilish;

aybdor xodimlarni intizomiy, mulkiy va boshqa turdagi javobgarlikka tortish masalalarini rahbariyatiga koʻrib chiqish uchun taqdim qilish;

Jamiyatning dastlabki buxgalteriya, moliya va boshqa hujjatlaridan foydalanish;

Audit qoʻmitasi vakolatlari doirasidagi qaror va topshiriqlarni bajarish, qoʻmita majlislarida ishtirok etish maqsadida zarur boʻlgan holatlarda qoʻmita raisi qarori bilan Jamiyatning rahbar shaxslarini, Jamiyat Kuzatuv kengashining boshqa aʼzolarini davriy yoki muntazam ravishda taklif etish;

Audit qoʻmitasi fikriga koʻra masalani chuqurroq oʻrganilishiga zarur boʻlsa, qoʻmita vakolatlariga tegishli boʻlgan masala boʻyicha oʻz tashabbusiga koʻra, Jamiyat Kuzatuv kengashining boshqa qoʻmitalarining fikrini talab qilib olish;

Audit qoʻmitast majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan reglament bilan ajratilgan vaqt doirasida soʻzga chiqish, kun tartibidagi masalalar, qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻzining alohida fikrini qoʻmita majlisi bayonnomasiga kiritishni talab qilish;

Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlash uchun mazkur Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar berish;

taqdim etilgan hujjatlar asosida tegishli xulosa va takliflar ishlab chiqish va Jamiyat Kuzatuv kengashi muhokamasiga kiritish;

Audit qoʻmitasi majlisi kun tartibiga kiritish uchun masalalar taklif qilish.

  • Audit qoʻmitasi aʼzolarining majburiyatlari:

hisob siyosatini tasdiqlash uchun Kuzatuv kengashiga kiritish hamda uning ijrosini nazorat qilish;

ichki audit xizmati xodimlarini tayinlash uchun Kuzatuv kengashi tasdigʻiga nomzodlarni kiritish hamda ularni lavozimdan ozod etish toʻgʻrisida taklif kiritish;

Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Nizom, korxona Ustavi va ichki hujjatlari asosida oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda oʻz faoliyatini sidqidildan olib borish;

Jamiyat tomonidan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda amalga oshirilgan xaridlarni nazorat qilish;

ichki audit xizmati ishini, shu jumladan, uning hisobotlarini tahlil qilish va samaradorlikni baholash orqali nazorat qilish;

moliyaviy hisobot, shu jumladan, konsolidatsiyalashgan hisobotning buxgalteriya standartlari va hisob siyosatiga muvofiqligini tahlil va nazorat qilish;

Jamiyat aksiyadorlarining xuquqlari, manfaatlari va qiziqishlarini himoya qilish prinsiplari asosida faoliyat yurgizish;

Jamiyatning tijorat va xizmat sirlarini oshkor etmaslik hamda maxfiylik talablarini bajarish;

tashqi audit oʻtkazilishini taʼminlash.

  • Audit qoʻmitaning aʼzolari qoʻmita majlisida shaxsan qatnashishlari shart. Agar majlisda qatnashish imkoniyati mavjud boʻlmasa, qoʻmita aʼzosi sabablarini koʻrsatgan xolda Audit qoʻmitasini bu haqda xabardor qiladi.
  • Audit qoʻmitasi, Jamiyat auditorlik tashkilotining soʻroviga koʻra, auditorlik tekshiruvi jarayonida yuzaga kelgan masalalar yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berishga hamda auditorlik tekshiruvi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etishga majbur.
  • Audit qoʻmitasi buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlari toʻgʻrisida yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniq tasdiqlovchi faktlar haqida Jamiyat auditorlik tashkiloti tomonidan yozma shaklda xabardor qilinishi shart.
  1. Audit qoʻmitasi aʼzolarining javobgarligi
    • Audit qoʻmitasining aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz majburiyatlarini bajarishda Jamiyatning manfaatlarini koʻzlab ish tutishi hamda belgilangan tartibda javobgar boʻlishi lozim.
    • Jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan qarorga ovoz berishda ishtirok etmagan yoki ushbu qarorga qarshi ovoz bergan Audit qoʻmitasining aʼzolari javobgar boʻlmaydi.

 

  • Yakunlovchi qoidalar
    • Mazkur Nizom Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi.
    • Ushbu Nizom, shuningdek, unga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar Jamiyat Kuzatuv kengashi raisi va Audit qoʻmitasi aʼzolari tomonidan kiritilishi mumkin.