“Markaziy dehqon bozori” AJ kuzatuv kengashining 2022-yil

17-iyundagi 03/2022-sonli

yigʻilish qarori bilan

TASDIQLANGAN

 

“MARKAZIY DEHQON BOZORI”

 aksiyadorlik jamiyatining

KUZATUV KENGASHI TOʻGʻRISIDA

NIZOM

 

Jizzax shahri – 2022-yil

 

  1. Umumiy qoidalar
    • Mazkur Nizom “Aksidorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmoni, Vazirlar Mahkamasining “2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2021-yil 29-martdagi 166-son qarori hamda “Markaziy dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda – Jamiyat) ustaviga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Jamiyat Kuzatuv kengashining maqomini, vakolatlarini, huquq va majburiyatlarini hamda uning aʼzolarini saylash va ularning ishlash tartibini belgilaydi.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashi Jamiyat faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, amaldagi qonunchilik va Jamiyat Ustavi bilan aksiyadorlar umumiy yigʻilishining vakolat doirasiga kiritilgan masalalarni hal etish bundan mustasno.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashi oʻz faoliyatini amaldagi qonunchilik, Jamiyat Ustavi va mazkur Nizomga asosan amalga oshiradi.

 

  1. Kuzatuv kengashining vakolat doirasi
    • Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzolarining soni 7 (yetti) kishidan iborat.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining vakolat doirasiga quyidagilar kiradi:
      • Jamiyatni rivojlantirish strategiyasiga erishish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Jamiyat ijro organining hisobotini muntazam ravishda eshitib borgan holda Jamiyat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;
      • Aksiyadorlarning yillik va navbatdan tashqari umumiy yigʻilishlarini chaqirish, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
      • Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining kun tartibini tayyorlash;
      • Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilash;
      • Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilishi haqida xabar qilish uchun Jamiyat aksiyadorlarining reestrini shakllantirish sanasini belgilash;
      • Jamiyat Ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yoki Jamiyatning yangi tahrirdagi Ustavini tasdiqlash masalalarini hal qilishi uchun aksiyadorlarning umumiy yigʻilishiga kiritish;
      • Mol-mulkning bozor qiymatini belgilashni tashkil etish;
      • Jamiyatning boshqaruv aʼzolarini saylash (tayinlash), ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
      • Jamiyatning yillik biznes-rejasini maʼqullash. Bunda Jamiyatning kelgusi yilga moʻljallangan biznes-rejasi Jamiyat Kuzatuv kengashi majlisida joriy yilning 1-dekabridan kechiktirmay maʼqullanishi lozim;
      • Ichki audit xizmatini tashkil etish va uning xodimlarini tayinlash, shuningdek har chorakda uning hisobotlarini eshitib borish;
      • Jamiyat ijro organining faoliyatiga daxldor har qanday hujjatlardan erkin foydalanish va Jamiyat Kuzatuv kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun bu hujjatlarni ijro organidan olish. Jamiyat Kuzatuv kengashi va uning aʼzolari olingan hujjatlardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi mumkin;
      • Auditorlik tekshiruvini oʻtkazish (majburiy auditorlik tekshiruvi bundan mustasno), auditorlik tashkilotini belgilash, uning xizmatlariga toʻlanadigan eng koʻp haq miqdori va u bilan shartnoma tuzish (shartnomani bekor qilish) toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
      • Jamiyatning taftish komissiyasi aʼzolariga (taftishchisiga) toʻlanadigan haq va kompensatsiyalarning miqdorlari yuzasidan tavsiyalar berish.
      • Dividend miqdori, uni toʻlash shakli va tartibi yuzasidan tavsiyalar berish;
      • Jamiyatning zaxira fondidan va boshqa fondlaridan foydalanish;
      • Jamiyatning filiallarini tashkil etish va vakolatxonalarini ochish;
      • Jamiyatning shoʻba va tobe xoʻjalik jamiyatlarini tashkil etish;
      • Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yirik bitimlar tuzish hamda Jamiyatning affillangan shaxslari bilan bitimlar tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
      • Jamiyatning tijorat va notijorat tashkilotlardagi ishtiroki bilan bogʻliq bitimlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzish;
      • Jamiyatning korporativ obligatsiyalarini qaytarib sotib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
      • Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish masalalarini, shuningdek Jamiyat Ustaviga Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish hamda Jamiyatning eʼlon qilingan aksiyalari sonini kamaytirish bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi masalalarni hal qilish;
      • Qonunchilikka muvofiq aksiyalarni joylashtirish (qimmatli qogʻozlarning birja bozoriga va uyushgan birjadan tashqari bozoriga chiqarish) narxini belgilash;
      • Jamiyat tomonidan korporativ obligatsiyalar, shu jumladan aksiyalarga ayirboshlanadigan obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
      • Qimmatli qogʻozlarning hosilalarini chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
      • Jamiyatning ijro organini tuzish, uning rahbarini saylash (tayinlash), rahbarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
      • Jamiyat xaridlarining yillik va choraklik reja-jadvallarini, shuningdek, import qilish rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatlarini xaridlarning maqsadga muvofiqligini koʻrib chiqish;
      • Jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari va loyiha ofisining xarajatlar smetasini tasdiqlash;
      • Jamiyat ijro organiga toʻlanadigan haq va mukofot miqdorini belgilash, bunda biznes-reja koʻrsatkichlari bajarilmagan yoki samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari “past” yoki “qoniqarsiz” deb baholangan taqdirda ijro organi tomonidan oʻtgan hisobot yilida toʻlangan mukofotni toʻliq Jamiyatga qaytarish masalasini koʻrib chiqish;
      • Jamiyat ijro organi rahbariga xususiylashtirish jarayon-larini, shu jumladan aksiyalarni ommaviy joylashtirishni (IPO) sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirganligi uchun alohida mukofot (mazkur Nizomning 2.2.28-bandida koʻzda tutilgan ragʻbatlantirishdan tashqari) yoki amalga oshirmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilash;
      • Jamiyat asosiy faoliyatiga xos boʻlgan yangi koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish yoki qurish hamda xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushni sotib olish, shuningdek, asosiy faoliyatidan tashqari qoʻshimcha faoliyat bilan shugʻullanish maqsadga muvofiqligini koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
      • Jamiyat tomonidan mulkni begonalashtirish, uni sotish shakli va mexanizmi, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tarkibidagi korxonalar ustav kapitaliga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritish boʻyicha kelishuvlarini (bitim, shartnoma, memorandum va boshqalar) majburiy tarzda oldindan koʻrib chiqish;
      • Jamiyatning yillik biznes-rejasini tasdiqlash;
      • Jamiyatning rahbar lavozimlariga oʻtkaziladigan tanlov reglamentini tasdiqlash, ijro organi rahbari va uning oʻrinbosarlari lavozimlariga tanlov eʼlon qilish va oʻtkazish;
      • Axborot siyosati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;
      • Homiylik (xayriya) yoki begʻaraz yordam koʻrsatish (olish) tartibi va shartlarini belgilash hamda bu borada qaror qabul qilish;
      • Jamiyatda korporativ boshqaruv tizimini baholashni tashkillashtirish, baholash huquqiga ega mustaqil tashkilotni tanlov asosida tanlash;
      • Kuzatuv kengashi aʼzolaridan iborat boʻlgan Strategiya va investitsiyalar, Audit, Tayinlovlar va haq toʻlash, Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitalarini, shuningdek zaruriyatga koʻra boshqa qoʻmitalarni tashkil qilish;
      • Jamiyatni yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonini jadallashtirish;
      • Jamiyatda transformatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish, korxonaning tashqi qarzlarini optimallashtirish, zamonaviy xarid tizimini joriy etish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga muqobil mablagʻlarni jalb etish;
      • Qonunchilik va Jamiyat Ustaviga muvofiq boshqa masalalarni hal etish.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining vakolat doirasiga kiritilgan masalalar hal qilish uchun Jamiyatning ijro organiga oʻtkazilishi mumkin emas.

 

  • Kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash va vakolatini muddatidan ilgari tugatish
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining aʼzolari qonunchilikda va Jamiyat Ustavida nazarda tutilgan tartibda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan 1 (bir) yildan 3 (uch) yilgacha boʻlgan muddatga saylanadi.
    • Jamiyat kuzatuv kengashi tarkibiga saylangan shaxslar cheklanmagan tarzda qayta saylanishi mumkin.
    • Jamiyat boshqaruvi aʼzolari (direktori), uning shoʻba va tobe xoʻjalik jamiyatlarida mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan shaxslar va ushbu jamiyatlar boshqaruv organlarining aʼzolari jamiyatning kuzatuv kengashiga saylanishi mumkin emas.
    • Ayni shu jamiyatda mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan shaxslar jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
    • Jamiyatning Kuzatuv kengashi aʼzolari saylovi kumulyativ ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
    • Kumulyativ ovoz berishda har bir aksiyadorga tegishli ovozlar soni Jamiyatning Kuzatuv kengashiga saylanishi lozim boʻlgan shaxslar soniga koʻpaytiriladi va aksiyador shu tariqa olingan ovozlarni bitta nomzodga toʻliq berishga yoki ikki va undan ortiq nomzodlar oʻrtasida taqsimlashga haqli.
    • Eng koʻp ovoz toʻplagan nomzodlar Jamiyat Kuzatuv kengashining tarkibiga saylangan deb hisoblanadi.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining aʼzosi u saylangan kundan boshlab, Jamiyatning affillangan shaxsi deb eʼtirof etiladi. Shunga muvofiq,
      u saylangan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq belgilangan maʼlumotlarni batafsil koʻrsatgan holda oʻzining affillanganligi toʻgʻrisida Jamiyatni yozma shaklda xabardor qilishi shart.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzolarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish qonunchilikda va Jamiyat ustavida nazarda tutilgan tartibda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan amalga oshiriladi.
    • Kuzatuv kengashi aʼzosi quyidagi hollarda oʻz vazifalaridan ozod etilishi mumkin:

oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab, Jamiyatga zarar yetkazsa;

Jamiyat va uning aksiyadorlari manfaatlariga zid ravishda insofsiz va mantiqsiz harakat qilsa;

Jamiyat faoliyati toʻgʻrisidagi maxfiy axborotni, shu jumladan insayderlik axborotlarni oshkor etish, ularning uchinchi shaxslar tomonidan oʻz maqsadlarida foydalanishga yoʻl qoʻysa;

Jamiyat Kuzatuv kengashining majlislarida, Kuzatuv kengashi qoshidagi qoʻmitalarning majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmasa;

u tuzilishidan manfaatdor shaxs deb eʼtirof etilishi mumkin boʻlgan bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yashirsa;

Aksiyadorlar tomonidan uning oʻrniga boshqa nomzod taqdim etilsa.

 

  1. Kuzatuv kengashi tarkibiga saylanadigan shaxslarga nisbatan qoʻyiladigan talablar
    • Kuzatuv kengashining aʼzosi sifatida benuqson ishchanlik va shaxsiy obroʻ-eʼtiboriga ega boʻlgan hamda Kuzatuv kengashi vakolatiga tegishli qarorlarni qabul qilish va funksiyalarini samarali bajarish uchun talab etiladigan bilim, koʻnikma va tajribaga ega boʻlgan shaxslar tavsiya etiladi.
    • Quyidagi malaka talablariga ega boʻlgan shaxs Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzoligiga nomzod sifatida tavsiya etilishi mumkin:

Oliy taʼlim yoki ilmiy darajaning, yoinki boshqaruv (menejment) sohasida qoʻshimcha taʼlimi mavjud boʻlgan;

Davlat yoki xoʻjalik boshqaruv organlari aktivlarini boshqarish sohasida yoki Jamiyat faoliyatiga tegishli boʻlgan tarmoqda ish tajribasiga ega;

rahbar lavozimlarida, shu jumladan Kuzatuv kengashlari tarkiblarida ish tajribasi mavjud;

turli kollegial organlarda ishtirok etish, shu jumladan uning Kuzatuv kengashi qoʻmitalarida aʼzoligi bilan bogʻliq maxsus koʻnikmalar (kuchli kommunikativlik koʻnikmalari, faoliyatni shaffoflik, xolislik, konstruktivlik va professionalizm tamoyillari asosida amalga oshirish uchun zarur sifatlar)ga ega boʻlgan;

 

  1. Kuzatuv kengashining raisi
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining raisi Kuzatuv kengashi aʼzolarining umumiy soniga nisbatan koʻpchilik ovoz bilan, ushbu kengash tarkibidan Kuzatuv kengashi aʼzolari tomonidan, yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishi qarori bilan
    • Jamiyatning Kuzatuv kengashi oʻz raisini Kuzatuv kengashi aʼzolarining umumiy soniga nisbatan koʻpchilik ovoz bilan qayta saylashga haqli.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining raisi:

Kuzatuv kengashining ishini tashkil etadi;

Kuzatuv kengashi majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;

Kuzatuv kengashi majlislarida bayonnoma yuritilishini tashkil etadi;

Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida raislik qiladi.

  • Jamiyat Kuzatuv kengashi raisi boʻlmagan taqdirda uning vazifasini Kuzatuv kengashining aʼzolaridan biri amalga oshiradi.

 

  1. Kuzatuv kengashining majlislarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining majlisi Kuzatuv kengashining raisi tomonidan uning oʻz tashabbusiga koʻra, Jamiyat Kuzatuv kengashi, taftish komissiyasi, ijro organi aʼzosining, shuningdek Jamiyat Ustavida belgilangan boshqa shaxslarning talabiga koʻra chaqiriladi.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashi majlislarini tashkil etish va oʻtkazish puxta ishlangan reja asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunday rejani Kuzatuv kengashining barcha aʼzolari, ijro organi, taftish komissiyasi hamda, zarurat tugʻilganda, Jamiyatning auditori va ichki audit xizmatidan kelib tushgan takliflar asosida Kuzatuv kengashining raisi shakllantiradi.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining raisi Kuzatuv kengashi majlisidagi barcha ishtirokchilarga uni lozim darajada oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va unda olib chiqilgan masalalarni muhokama qilishda faol ishtirok etish imkoniyatlarini yaratadi. Jamiyat Kuzatuv kengashining aʼzolari Kuzatuv kengashi majlislarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish hamda ularda ishtirok etish uchun yetarli darajada vaqt ajratishlari lozim.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining majlislari har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi, bunda majlisda majburiy tartibda quyidagi masalalar koʻrib chiqiladi:

Jamiyat ijro organining Jamiyatning biznes-rejasini bajarilishi toʻgʻrisidagi, Jamiyatni rivojlantirish strategiyasiga erishish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi, Jamiyat tomonidan amalga oshirilgan xaridlar toʻgʻrisidagi, Jamiyat asosiy (ustavdagi) faoliyati bilan bogʻliq va bogʻliq boʻlmagan shoʻba xoʻjalik jamiyatlari hamda filiallari (vakolatxonalari) faoliyati toʻgʻrisidagi, Jamiyat tomonidan tijorat maqsadlari va notijorat maqsadlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlari;

jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarining transformatsiya, amalga oshirilgan xaridlar boʻyicha hisobotlari;

Taftish komissiyasi (taftishchi)ning Jamiyatda affillangan shaxslar bilan tuzilgan bitimlar yoki yirik bitimlar mavjudligi, shuningdek qonunchilikning va Jamiyat ichki hujjatlarining bunday bitimlarni tuzishga doir talablariga rioya qilinishi toʻgʻrisidagi xulosasi;

Kuzatuv kengashi huzurida tashkil etilgan Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasi, Audit qoʻmitasi, Tayinlovlar va haq toʻlash qoʻmitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha xulosa va tavsiyalari.

  • Jamiyat Kuzatuv kengashining majlisini oʻtkazish uchun kvorum Jamiyat Kuzatuv kengashiga saylangan aʼzolarning yetmish besh foizidan kam boʻlmasligi kerak.
  • Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzolarining soni Jamiyat Ustavida nazarda tutilgan miqdorning yetmish besh foizidan kam boʻlgan taqdirda, Jamiyat Kuzatuv kengashining yangi tarkibini saylash uchun aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirishi shart. Kuzatuv kengashining qolgan aʼzolari aksiyadorlarning bunday navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga, shuningdek Jamiyat ijro organi rahbarining vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, uning vazifasini vaqtincha bajaruvchini tayinlashga haqlidir.
  • Jamiyat Kuzatuv kengashining majlisida qarorlar majlisda hozir boʻlganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Jamiyat Kuzatuv kengashining majlisida masalalar hal etilayotganda Kuzatuv kengashining har bir aʼzosi bitta ovozga ega boʻladi.
  • Quyidagi qarorlar Jamiyat Kuzatuv kengashining aʼzolari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi:

Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi va Jamiyat ustaviga tegishli oʻzgartishlar kiritish haqidagi qarorlar;

qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yirik bitimlar tuzish toʻgʻrisidagi qaror;

Jamiyatning affillangan shaxslari bilan tuzilayotgan bitimni maʼqullash haqidagi qaror;

sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilinadigan qarorlar.

  • Jamiyat Kuzatuv kengashining bir aʼzosi oʻz ovozini Kuzatuv kengashining boshqa aʼzosiga berishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
  • Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzolarining ovozlari teng boʻlgan taqdirda Kuzatuv kengashi tomonidan qaror qabul qilishda Jamiyat Kuzatuv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
  • Jamiyat Kuzatuv kengashining majlisida bayonnoma yuritiladi. Kuzatuv kengashi majlisining bayonnomasi majlis oʻtkazilganidan soʻng oʻn kundan kechiktirmay tuziladi. Majlis bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:

majlis oʻtkazilgan sana, vaqt va joy;

majlisda hozir boʻlgan shaxslar;

majlisning kun tartibi;

ovoz berishga qoʻyilgan masalalar, ular yuzasidan oʻtkazilgan ovoz berish yakunlari;

qabul qilingan qarorlar.

  • Jamiyat Kuzatuv kengashi majlisining bayonnomasi majlisda ishtirok etayotgan Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzolari hamda majlis kotibi tomonidan imzolanadi. Kuzatuv kengashi aʼzolari majlis bayonnomasi toʻgʻri rasmiylashtirilishi uchun javobgar boʻladi.
  • Jamiyat Kuzatuv kengashi majlislariga kotiblik qilish va bayonnoma yuritish vazifasini bajaruvchi shaxsni belgilaydi. Bunda, Kuzatuv kengashi kotibi sifatida rahbar oʻrinbosari yoki jamitda qimmatli qogʻozlar boʻyicha ishlovchi mutaxassis belgilanishi mumkin.
  • Jamiyat Kuzatuv kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) Jamiyat Kuzatuv kengashining barcha aʼzolari tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi mumkin. Bunda Kuzatuv kengashining majlisida hozir boʻlmagan Kuzatuv kengashi aʼzosining majlis kun tartibidagi masalalar boʻyicha yozma tarzda bergan fikri inobatga olinadi hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (telefon, elektron aloqa, ijtimoiy tarmoqlarning messenjerlari va h.k.) foydalangan holda Kuzatuv kengashi aʼzosining yozma fikri tezkor tarzda yoʻllanishi va olinishi mumkin. Jamiyat Kuzatuv kengashining majlisi sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) oʻtkazilgan taqdirda, majlis bayonnomasida bu haqda koʻrsatiladi.
  • Jamiyat Kuzatuv kengashi majlisi masofadan turib axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan videokonferens-aloqa tizimidan foydalangan holda masofadan turib oʻtkazilishi mumkin, bunda majlisda ishtirok etayotgan Kuzatuv kengashi aʼzolari kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishlari va ular boʻyicha ovoz berishlari mumkin. Jamiyat Kuzatuv kengashining majlisi videokonferens-aloqa tizimidan foydalangan holda masofadan turib oʻtkazilgan taqdirda, majlis bayonnomasida bu haqda koʻrsatiladi, ushbu majlis sirtdan ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazilgan deb eʼtirof etilmaydi.
  • Har chorakda ketma-ket ijro organining hisobotini eshitish boʻyicha kuzatuv kengashining majlislarini sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
  • Jamiyat Kuzatuv kengashi majlisining bayonnomasi imzolangan kuni Jamiyatning ijro organiga ijro etish uchun topshiriladi. Kuzatuv kengashi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda mazkur qaror haqidagi axborot Jamiyatning ijro organiga Kuzatuv kengashining majlisi oʻtkaziladigan kuni topshiriladi.

 

  • Kuzatuv kengashi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
    • Kuzatuv kengashi aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:

Kuzatuv kengashi majlisida shaxsan ishtirok etish, majlisda muhokama qilinayotgan masala yuzasidan reglament bilan ajratilgan vaqt doirasida soʻzga chiqish;

Kuzatuv kengashi qaroriga koʻra muayyan davrda Jamiyatning faoliyati natijalari, uni rivojlantirish rejalari toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot olish;

Jamiyatga, shuningdek, uning shoʻba va tobe yuridik shaxslariga oid har qanday axborot (hujjat va materiallar)ni Jamiyat ijro organidan talab qilish va olish;

kun tartibidagi masalalar, qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻzining alohida fikrini Kuzatuv kengash majlisi bayonnomasiga kiritishni talab qilish;

Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibiga kiritish uchun masalalar taklif qilish;

Kuzatuv kengashi va Jamiyatning boshqa kollegial organlari majlislari bayonnomalari bilan tanishish va ularning nusxalarini olish;

qonunchilikda va Jamiyatning ichki hujjatlarida belgilangan tartibda Kuzatuv kengashda ishlagan davri uchun haq va (yoki) xarajatlarining kompensatsiyasini olish.

  • Kuzatuv kengashi aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz majburiyatlarini bajarishda Jamiyatning manfaatlarini koʻzlab vijdonan va oqilona ish tutishi, ularga maʼlum boʻlgan maxfiy maʼlumotlarni va xizmat hamda tijorat sirini tashkil etuvchi Jamiyat hujjatlarini oshkora qilmasliklari lozim.
  • Kuzatuv kengashi aʼzolari oʻz mavqeini va Jamiyat faoliyati haqida olingan maʼlumotlarni shaxsiy manfaatlarida foydalanishiga, shuningdek ushbu maʼlumotlarni boshqa shaxslar tomonidan shaxsiy manfaatlarida foydalanishiga yoʻl qoʻymasliklari lozim.
  • Kuzatuv kengashi aʼzolari Kuzatuv kengashi majlisida shaxsan qatnashishlari shart. Agar majlisda qatnashish imkoniyati mavjud boʻlmasa Kuzatuv kengashi aʼzosi sabablarini koʻrsatgan xolda Kuzatuv kengashini bu haqda xabardor qiladi. Bir vaqtning oʻzida Kuzatuv kengashi aʼzosi mazkur Nizomga muvofiq kun tartibidagi masalalar yuzasidan yozma fikrini yuborishga haqli.
  • Affillangan shaxs boʻlgan Kuzatuv kengashining aʼzosi Jamiyat bilan bitim tuzishda affillangan ekanligi toʻgʻrisida tuzilishi kutilayotgan bitim haqidagi maʼlumotlarni, shu jumladan bitimda ishtirok etayotgan shaxslar, bitim predmeti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, tegishli shartnomaning muhim shartlarini batafsil koʻrsatgan holda yozma bildirgi yuborish orqali Jamiyatni xabardor etishi shart.
  • Kuzatuv kengashi aʼzolari Kuzatuv kengashi tomonidan u yoki bu qarorlarni qabul qilishga taʼsir koʻrsatganlik uchun bevosita yoki bilvosita haq olish huquqiga ega emas.
  • Kuzatuv kengashi aʼzolari Jamiyat imkoniyatlari (mulkiy va nomulkiy huquqlar, xoʻjalik faoliyati sohasidagi imkoniyatlar, Jamiyatning faoliyati va rejalari toʻgʻrisidagi axborot)dan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish huquqiga ega emas.
  • Kuzatuv kengashi aʼzolari oʻzlarining lavozim majburiyatlarini halol, shuningdek Jamiyat manfaatlari yoʻlida ular eng yaxshi deb hisoblaydigan usul bilan amalga oshirishga majburdirlar.
  • Kuzatuv kengashi aʼzolari quyidagi fidutsiar majburiyatlarni bajarishlari lozim:

jonkuyarlikni namoyon qilish majburiyati — Kuzatuv kengashi aʼzosidan vijdonan va jonkuyarlik asosida harakat qilish;

sodiqlikni namoyon qilish va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik majburiyati — Kuzatuv kengashi aʼzolaridan, birinchi navbatda, korxona manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilish;

lozim darajada koʻzdan kechirishlikni namoyon qilish majburiyati — Kuzatuv kengashi aʼzolaridan korxonaga nisbatan qaror qabul qilishda ehtiyotkorlik bilan yondashish;

mustaqil mulohazadan foydalanish majburiyati — Kuzatuv kengashi aʼzosidan qarorlarni mustaqil, shaxsiy va boshqa manfaatlarni inobatga olmagan holda qabul qilish.

 

  • Kuzatuv kengashi aʼzolarining javobgarligi
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz majburiyatlarini bajarishda Jamiyatning manfaatlarini koʻzlab ish tutishi hamda belgilangan tartibda javobgar boʻlishi lozim.
    • Agar bir nechta shaxs javobgar boʻlsa, ularning Jamiyat oldidagi javobgarligi solidar javobgarlik boʻladi.
    • Jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan qarorga ovoz berishda ishtirok etmagan yoki ushbu qarorga qarshi ovoz bergan Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzolari javobgar boʻlmaydi.
    • Jamiyat yoki u joylashtirgan aksiyalarning hammasi boʻlib kamida bir foiziga egalik qiluvchi aksiyador (aksiyadorlar) Jamiyatga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvo bilan Jamiyatning Kuzatuv kengashi aʼzosi ustidan sudga murojaat qilishga haqli.
    • Jamiyatning Kuzatuv kengashi aʼzosi quyidagilar natijasida Jamiyatga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi:

chalgʻituvchi axborot yoki bila turib yolgʻon axborot taqdim etganlik;

qonunchilikda belgilangan axborot taqdim etish tartibini buzganlik;

Jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan yirik bitimlarni va (yoki) amalga oshirilishidan manfaatdorlik mavjud boʻlgan bitimlarni tuzishni taklif etganlik, shu jumladan Jamiyat bilan bunday bitimlar tuzilishi natijasida oʻzlari yoki oʻz affillangan shaxslari tomonidan foyda (daromad) olish maqsadida bitimlar tuzishni taklif etganlik.

 

  1. Kuzatuv kengashining qoʻmitalari
    • Eng muhim masalalarni koʻrib chiqish va Jamiyatning Kuzatuv kengashiga tavsiyalar tayyorlash uchun Kuzatuv kengashi aʼzolari orasidan qoʻmitalar tashkil etiladi.
    • Jamiyatda Kuzatuv kengashi qarori bilan quyidagi qoʻmitalar tashkil etiladi:

Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasi;

Audit qoʻmitasi;

Tayinlovlar va haq toʻlash qoʻmitasi;

Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasi;

  • Barcha qoʻmitalarning faoliyati qoʻmita tarkibi, vakolatlari, ish tartibi hamda aʼzolarining huquq va majburiyatlari kabi qoidalarni oʻz ichiga olgan ichki hujjatlar bilan tartibga solinadi.
  • Qoʻmitalar tarkibi Kuzatuv kengashi aʼzolaridan iborat boʻladi. Zarur hollarda qoʻmitalar ishiga Jamiyat ijro organlari aʼzolari, Jamiyat xodimlari va tashqi ekspertlar jalb etilishi mumkin.
  • Jamiyat kuzatuv kengashining Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasi raisi uning mustaqil aʼzolari orasidan tayinlanadi va mazkur qoʻmitaga korxonaning transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarini doimiy boshqarish vazifalari yuklatiladi.
  • Qoʻmitalar aʼzolari Jamiyat Kuzatuv kengashi raisining tavsiyasi asosida Kuzatuv kengashi aʼzolaridan ularning vakolat muddati davriga koʻpchilik ovoz bilan saylanadi. Kuzatuv kengashi qoʻmita aʼzolari orasidan qoʻmita raisini tayinlaydi.
  • Qoʻmita majlisida uning aʼzolarining kamida 2/3 qismi ishtirok qilsa, majlis vakolatli hisoblanadi, bunda qoʻmita raisi ishtirok etishi shart. Majlisda qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Har bir qoʻmita aʼzosi bir ovozga ega.
  • Qoʻmitaning qarori majlis bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu bayonnoma qoʻmita kotibi tomonidan yuritiladi va u ovoz berishda qatnashgan aʼzolari tomonidan imzolanadi.

 

  1. Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi
    • Jamiyat Kuzatuv kengashi tarkibiga kamida 1 nafar mustaqil aʼzo kiritilishi kerak, ushbu aʼzo har yili qayta saylanishi mumkin. Bunda davlat va (yoki) xoʻjalik birlashmasining ulushi ustun boʻlsa, nomzod koʻrsatish hamda Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi boʻyicha ovoz berish davlat va (yoki) xoʻjalik birlashmasining vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
    • Quyidagi shaxs Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi deb “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 76-moddasida mustaqil aʼzolar uchun belgilangan talablarga muvofiq kelgan Kuzatuv kengashi aʼzosi eʼtirof etiladi.
    • Jamiyat Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi sifatida saylanishi uchun, qonunchilik hujjatlari bilan mustaqil aʼzolik uchun belgilangan talablarga mos keluvchi quyidagi shaxslar taklif qilinishi mumkin:

professional jamiyatlar yoki tashkilotlarning aʼzolari boʻlgan shaxslar;

oliy taʼlim va/yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarining xodimlari;

ushbu Jamiyat bilan bogʻliq boʻlmagan (affillangan boʻlmagan) boshqa tashkilot va korxonalarning rahbarlari hisoblangan, korporativ qonunchilikni biladigan hamda korporativ boshqaruv usullari va tamoyillaridan xabardor boʻlgan shaxslar;

soʻnggi uch yil mobaynida nafaqada boʻlgan, ushbu Jamiyatda uzoq vaqt ishlagan va korxonani boshqarish sohasida katta tajribaga ega boʻlgan shaxslar;

moliyaviy tahlil oʻtkazish, strategik rejalashtirish boʻyicha tajriba va koʻnikmalarga ega boʻlgan chet el mutaxassislari.

Kuzatuv kengashi aʼzoligiga mustaqil nomzodni koʻrsatish Jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining hammasi boʻlib kamida bir foizga egalik qiluvchi aksiyador (aksiyadorlar) tomonidan amalga oshiriladi.

  • Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi boshqa aʼzolar bilan bir xil vazifalarni bajarib, qarorlar qabul qilinishida mustaqillik tamoyilini taʼminlaydi.

 

  1. Yakunlovchi qoidalar
    • Mazkur Nizom Jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlangan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi.
    • Ushbu Nizom, shuningdek, unga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanadi. Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar Jamiyat aksiyadorlari va Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzolari tomonidan kiritilishi mumkin.

12.3. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining oʻzgarishi natijasida, ushbu Nizomning ayrim bandlari unga zid boʻlib yoki haqiqiy boʻlmay qolsa, Nizomga oʻzgartirish kiritilgunga qadar Jamiyat Kuzatuv kengashi aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish yuritadilar.

12.4. Shuningdek, jamiyat Kuzatuv Kengashi aʼzolari mazkur Nizomda qayd etilmagan ayrim masalalar boʻyicha jamiyatning Ustavida belgilangan tartibda ish olib borishadi.