Jizzax shahridagi “Markaziy dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatining tashkil topish tarixi
Jizzax shahrining buyuk ipak yoʻli bekatida oʻrin olganligi qadimgi “Ustrushona” davlatining eng yirik harbiy, siyosiy va savdo markazlaridan biriga aylanishiga sabab boʻlgan. Samarqand-Jizzax-Ravot-Zomin — Oʻratepa-Fargʻona, Samarqand – Jizzax-Chinoz-Toshkent karvon yoʻllarini Jizzax orqali oʻtishi Hayrabod, Oqqoʻrgʻonlik, Jizzaxlik, Sovungarlik, Toshkentlik, Zargarlik va boshqa mahallalarini tashkil topishiga karvonsaroylarni yuzaga kelishiga, savdo-sotiq ishlarini olib boradigan bozorlarni tashkil topishiga olib keldi. Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda, 933-yili nomaʼlum muallif tomonidan yozilgan «Hudud ul aʼlam» asarida qayd etilishicha —
“Ustrushona” davlati shaharlarini oʻzaro bogʻlaydigan Xoʻjand bilan Fargʻona oʻrtasida mustahkam qoʻrgʻon Dizak (Jizzax) kichik bir shahar boʻlib, suv boʻyida joylashgan. Uning yonida Marsmanda degan bir joy boʻlgan. U yerda har yili bir kunda bozor boʻlgan. “Aytadilarkim, bu bozorda yuz ming dinorlik savdo qilinarmish”
deb bayon qilinishi shaharda oʻninchi asrlarda ham yirik bozorlar boʻlganligini tasdiqlaydi.
Mashhur sarkarda va shoir Temuriylar sulolasining buyuk hukmdorlaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur ham oʻzining “Boburnoma” asarida —
“Kun nomozgar Ilon oʻtida tushib, ot oʻldirib, etini shishlab, kabob qilib otni lahza tindirib otlanduk. Tongdan burunroq Xaliliya kentiga kelib tushduk. Xaliliyadan Dizakka kelindi. Ul fursatda Dizakda xofiz Muhammad duldoyning oʻgʻli Tohir duldoy edi. Semiz etlar baland va mayda etmaklar arzon, chuchuk qovunlar va yaxshi uzumlar farovon. Andok usratdin mundok arzonlik va andok baliyattin amallikga kelduk. Bundoq dushmon bolasidan va ochlik ibtilosidan xalos boʻlib, omonlik rohatiga va arzonlik barokatiga yetishduk. Uch kun Dizakda istirohat qilduk. Andin soʻng Oʻratepa sari azimat kilduk” (Z.M. Bobur “Boburnoma” Toshkent, 1983-y. 86-bet).
Mirzo Bobur — Halqimizning farovonligini bilmoqchi boʻlsang uning bozoriga bor – deganlarida ham Jizzax bozorlarini tomosha qilib, bozorlarda moʻl-koʻlchilik, arzonchilik bisyor ekanligini, halqi esa toʻq va maʼmur yashayotganligini guvohi boʻlgan edi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Chor Rossiyasi 1866-yil 18-oktyabrda Jizzaxni istilo qilishi,1874-yili Jizzax uyezd markaziga aylantirilishi, 1899-yili Zakaspiy temir yoʻli izlarini Jizzaxga kelishi, temir yoʻl bekatini va yangi shaharni tashkil topishi, asosan Yevropa millatiga mansub kishilar istiqomat qiladigan uy-joy, maʼmuriyat muassasalarning qurilishi, bozorni tashkil boʻlishiga olib keldi. Yangi shahardagi birinchi bozor Jizzax temir yoʻl bekati deposi oldidagi eski Hayrabod mahallasi (hozirgi M.Ulugʻbek) hududida tashkil topgan boʻlib, sungra bozorning kengayishi sababli temir yoʻl bekati yonidan koʻchirilgan. 1938-yili oxak zavodiga temir yoʻl tarmogʻi oʻtishi munosabati bilan “Koʻk bozor” oʻrnida Olovxon eshon chorvogʻida bozorga keluvchi mehmonlar uchun yotoqxona, savdo-sotik qilinadigan doʻkonlar, choyxona, oshxona, qishloq xoʻjalik mahsulotlari sotiladigan kichik-kichik doʻkonlar, yogʻoch, hashak, oʻtin bilan savdo qilinadigan bozor xam barpo qilinib, yillar oʻtishi bilan mazkur bozor kengayib borgan.
Bozorni kengayishida, obodonlashtirish, sotuvchilar va xaridorlar uchun qulay xizmatlar koʻrsatishda oʻz davrining olov xotin-qizlaridan biri Oysha aya Soyipova bozorga 1938 – 1948-yillari rahbarlik qilib, bozorni obodonlashtirish ishiga juda katta xizmat koʻrsatgan. Natijada “Koʻk bozor” aholi koʻziga tashlanadigan bozorga aylantirilgan. Oysha aya ogʻir turmush tufayli 9 yoshidayoq bozorda non sotish bilan shugʻullangan, soʻngra 1928-yildan shaxar yoshlar qoʻmitasida, keyinroq esa moliya boʻlimida yoʻriqchi boʻlib ishlagan.
Bozorni rivojlanishida Oqil aka Nazarovning ham xizmatlarini alohida taʼkidlash lozim. U 1942-1945-yillar ikkinchi jaxon urushida janggoxlarda qatnashib, koʻplab orden medallar soxibi boʻlgan. Urushdan ikki qoʻlidan ajralgan holda qaytgach, 1-guruh nogironi Oqil aka Nazarov 1948-yildan boshlab, to umrining oxirigacha, yaʼni 1985-yilgacha qariyb 37 yil mobaynida bozorga rahbarlik qilib, oʻzining bilimi, tashkilotchilik qobiliyati, bozorga keluvchi sotuvchi va xaridorlarga hamda bozor xodimlariga nisbatan mexribonligi tufayli elga tanilgan. Aholi oʻrtasida obru-eʼtibor ortirib, ularning hurmatiga sazovor boʻlgan.
U bozorga raxbarlik qilgan yillari bozor hududi birmuncha kengaygan, bozor ichidagi eski koʻrimsiz, bozorni kengayishiga toʻsiq boʻlgan doʻkonlar, choyxonalar buzib tashlanib, ularning oʻrniga uzun savdo ayvonlari qurilgan, savdo rastalari barpo etilgan. Temir yoʻl vagonlarida toshlar olib kelinib, eski yotokxonalar oʻrnida ikki qavatli mehmonxona, mahsulot saqlash uchun omborxona qurilgan, bozor atrofi oʻralib, katta hajmda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Bozorga tushadigan pul tushumlarini koʻpaytirishda tarozibon Jabborqul Hamrokulov, pattachilardan Abdukaxxor Botirov, Sobira Jaxongirova, Mamadali Ismoilov, Xolmat Qorayev, Obid Rajabov, Qosim Yusupovlar, bozorning kolxozchilar uyi (mehmonxona) xodimlari Xusan Shodiyev, Asiya Gadishina, Jurakul Rasulov, bosh xisobchi Nina Yakovlinalarning xizmati ham katta boʻlgan.
Bozorga 1984-yildan 1995-yilgacha Abduvali Musayev rahbarlik qilgan yillari xam hududda keng koʻlamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Shu davrda viloyat “Matlubot jamiyati” hisobidan bozorda yangidan yopiq savdo binosi qurib ishga tushirilgan.
2003-yilga kelib “Koʻk bozor” raisligiga uzoq yillar mobaynida viloyat partiya qoʻmitasi kotibi, viloyat ijroiya qoʻmitasi raisi lavozimlarida ishlagan Oʻktam Olimov tayinlangan. U kishi rahbarligida ham bozor hududida keng koʻlamda qurilish-obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilgan.
“Koʻk bozor”ni yangi qiyofasi yoki uni “Markaziy dehqon bozori”ga aylantirilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi
PQ-1326 sonli va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-avgustdagi
253-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida 2013-yil 30-sentyabrda Vazirlar Mahkamasining “2030-yilgacha boʻlgan davr uchun Jizzax shahrining Bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 266-sonli qarori va 2014-yil 20-yanvardagi 05-05-41-2(8)-sonli Jizzax viloyatida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilish topshiriqlari hamda 2014-yil 28-martda Jizzax viloyat hokimining 78-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu muhim hujjatlarga koʻra 2014-yilda Jizzax shahridagi “Koʻk bozor” dehqon bozorini toʻliq qayta qurib bitkazilgan.
Bunda eski tipda qurilgan savdo doʻkonlari, choyxonalar, savdo ayvonlari va rastalar toʻliq buzib olinib, loyiha-smeta hujjatlari asosida zamonaviy koʻrinishdagi bugungi koʻrinishdagi bozor bunyod etilgan. Mazkur bozor Jizzax viloyatida birinchilardan boʻlib qayta qurilganligi va shahar markazida joylashganligi uchun ham “Markaziy dehqon bozori” deb yangidan nom berilgan va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Yangi bozorda sotuvchi va xaridorlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Goʻsht va goʻsht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, baliq mahsulotlari, non mahsulotlari uchun sanitariya qoidalariga toʻliq javob beradigan alohida binolar qurildi. Yangidan savdo rastalari va savdo ayvonlari qurilib, mahsulotlar turlariga qarab joylashtirildi. Bozor atrofida gulzorlar tashkil etilib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tahliliy maʼlumotlar asosida J. Hasanboyev tayyorladi