KUZATUV KENGASHI HUZURIDAGI KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH VA ETIKA QOʻMITASI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
“Markaziy dehqon bozori” AJ kuzatuv kengashining 2022-yil
17-iyundagi 03/2022-sonli
yigʻilish qarori bilan
“TASDIQLANGAN”
Jizzax shahri – 2022-yil
- Umumiy qoidalar
- Mazkur Nizom (keyingi oʻrinlarda – Nizom) Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning xuquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmoniga, Vazirlar Mahkamasining “2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2021-yil 29-martdagi 166-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “2021 — 2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasiga, “Markaziy dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda – Jamiyat) ustaviga, Kuzatuv kengashi toʻgʻrisidagi Nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Jamiyat Kuzatuv kengashi huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarlarda – Qoʻmita) huquqiy maqomini, tarkibini, vakolatlarini va uning ishlash tartibini belgilaydi.
- Qoʻmita eng muhim masalalarni koʻrib chiqish va Jamiyatning Kuzatuv kengashiga tavsiyalar tayyorlash uchun Jamiyat Kuzatuv kengashining qarori asosida tashkil etiladi. Qoʻmita Jamiyat Kuzatuv kengashining doimiy faoliyat yurituvchi ishchi organi hisoblanadi.
- Qoʻmita oʻz faoliyatini amaldagi qonunchilik, Jamiyat ustavi va mazkur Nizomga asosan amalga oshiradi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasining tarkibi
- Qoʻmita faqat Jamiyat Kuzatuv kengashining aʼzolaridan 3 kishidan iborat tarkibda tashkil etiladi. Qoʻmita tarkibiga kamida bir nafar Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi kiritilishi shart.
- Qoʻmitaning aʼzolari Jamiyat Kuzatuv kengashi raisining tavsiyasi asosida Kuzatuv kengashi aʼzolaridan ularning vakolat muddati davriga koʻpchilik ovoz bilan saylanadi. Qoʻmitaning raisi Qoʻmita aʼzolari orasidan Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Qoʻmitaning raisi Jamiyat Kuzatuv kengashining raisi boʻlmasligi lozim.
- Qoʻmitaning tarkibiga saylangan Kuzatuv kengashi aʼzolari cheklanmagan tarzda qayta saylanishi mumkin.
- Qoʻmitaning aʼzolari Qoʻmita faoliyati sohasi boʻyicha malaka va tajribaga ega boʻlishi lozim.
- Qoʻmitaga rahbarlik qilish va faoliyatini tashkil etish Qoʻmita raisi tomonidan amalga oshiriladi. Qoʻmita raisining vaqtinchalik yoʻqligida rais vazifasini bajarib turish aʼzolardan biriga yuklatilishi mumkin.
- Qoʻmita aʼzolari oʻrtasidagi funksiyalar taqsimlanishi Qoʻmitaning raisi tomonidan amalga oshiriladi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasining asosiy vazifalari
- Qoʻmitaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchiligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturlariga muvofiq ravishda Jamiyatning tegishli chora-tadbirlari dasturi, siyosati va ichki xujjatlarini ishlab chiqish;
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim tamoyillariga rioya etilishini taʼminlash choralarini koʻrish;
Jamiyatning barcha faoliyat sohalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlari kamaytirish va korrupsiyaga barham berish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va barham berish;
Jamiyatning mansabdor xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik va Jamiyatning ichki xujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
Jamiyat xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Jamiyatda muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini monitoring va tahlil qilish hamda uning samaradorlik va natijadorlik koʻrsatkichlarini baholash;
Jamiyatning mansabdor xodimlari faoliyatining shaffofligi va xulq-atvor meʼyorlariga muvofiqligini taʼminlash;
Jamiyatda xodimlarning xulq-avtor qoidalarini ishlab chiqish, ularga rioya etilishini tahlil qilish va taʼminlash;
Jamiyat faoliyatining shaffofligi va maʼlumotlarning oshkor qilinishi yetarli darajada va aniq ekanligini koʻrib chiqish;
Jamiyatning yillik hisoboti va boshqa xujjatlariga kiritish uchun Qoʻmita faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot tayyorlash va taqdim etish;
Kuzatuv kengashi tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasi majlislarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
- Qoʻmitaning majlisi Qoʻmita raisi tomonidan uning oʻz tashabbusiga koʻra, Qoʻmitaning aʼzolarining talabiga koʻra, shuningdek, Jamiyat ijroiya organi rahbarining yozma talabiga koʻra chaqiriladi.
- Qoʻmita har chorak yakuniga koʻra, zarur boʻlganda har oyda, qoʻmita aʼzolarining shaxsan ishtirokida yoki boshqa aloqa tarmoqlaridan foydalanish yoʻli bilan oʻz majlislarini oʻtkazib turishi lozim. Qoʻmita Jamiyatning ijroiya organi va boshqa shaxslarni qoʻmita majlislariga qatnashish uchun taklif qilishi, shuningdek zarur boʻlganda ulardan axborot talab qilishi mumkin.
- Qoʻmita aʼzolari muayyan masalaning kechiktirilmay hal etilishini talab qiladigan qoidabuzilishlar aniqlangan taqdirda qoʻmitaning shoshilinch majlisini chaqirilishini talab qilishlari mumkin.
- Qoʻmita oʻz majlislarini Jamiyat Kuzatuv kengashi majlislaridan oldin oʻtkazadi.
- Qoʻmitaning raisi Qoʻmita majlisidagi barcha ishtirokchilarga uni lozim darajada oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va unda olib chiqilgan masalalarni muhokama qilishda faol ishtirok etish imkoniyatlarini yaratadi. Qoʻmitaning aʼzolari Qoʻmita majlislarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish hamda ularda ishtirok etish uchun yetarli darajada vaqt ajratishlari lozim.
- Qoʻmita majlisida uning aʼzolarining eng kamida 2/3 qismi ishtirok etsa, majlis vakolatli hisoblanadi, bunda Qoʻmita raisi ishtirok etishi shart.
- Qoʻmitaning majlisida qarorlar majlisda hozir boʻlganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
- Qoʻmitaning majlisida masalalar hal etilayotganda Qoʻmitaning har bir aʼzosi bitta ovozga ega boʻladi. Ovozlar teng kelgan taqdirda, qoʻmita raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Qoʻmitaning qaroriga rozilik bildirmagan qoʻmita aʼzosi oʻzining majburiy tartibda majlis bayonnomasiga ilova qilinadigan alohida fikrini qayd etib qoʻyish va uni Kuzatuv kengashi eʼtiboriga havola qilish huquqiga ega.
- Qoʻmitaning qarori Qoʻmita majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu bayonnoma Qoʻmita kotibi tomonidan yuritiladi va ovoz berishda ishtirok etgan Qoʻmita aʼzolari tomonidan imzolanadi.
- Qoʻmita majlislariga kotiblik qilish vazifasini uning aʼzolaridan biri yoki Jamiyat xodimlaridan biri bajaradi.
- Qoʻmitaning raisi:
Qoʻmitaning ishini tashkil etadi;
Qoʻmita majlislarida bayonnoma yuritilishini tashkil etadi;
Jamiyat ichki meʼyoriy hujjatlari va mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
- Qoʻmitaning kotibi:
Qoʻmita majlislari bayonnomalarini yuritadi va rasmiylashtiradi;
Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilishi uchun kun tartibidagi masalalar boʻyicha materiallarni tayyorlaydi va taqdim qiladi;
Qoʻmitaning qarorlarini, xulosalarini va bayonnomalarini oluvchilargacha yetkazadi.
- Qoʻmita vakolati doirasida qabul qilingan barcha qarorlar qabul qilingan kunidan boshlab, Jamiyat ijroiya organi va boshqa mansabdor shaxslari uchun ijro etish majburiydir. Ushbu qarorlarda koʻrsatib oʻtilgan mansabdor shaxslar qarorning oʻz vaqtida hamda qaror ijrosiga mos ravishda bajarilishiga shaxsan javobgardirlar. Qoʻmita qarorlari ijrosini nazorat qilish Qoʻmita raisi tomonidan amalga oshiriladi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
- Qoʻmita aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:
Jamiyat ijro organi aʼzolarining va Jamiyatning boshqa mansabdor shaxslaridan oʻz faoliyati uchun kerakli barcha hujjatlarni va materiallarni taqdim etishni talab qilish;
agar Jamiyatda korrupsion harakatlar aniqlansa, ijroiya organ va Kuzatuv kengashining majlisi chaqirilishini talab qilish;
Jamiyatning tarkibiy boʻlinmalari xodimlari, shu jumladan rahbarlaridan koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha izohlar talab qilish;
aybdor xodimlarni intizomiy, mulkiy va boshqa turdagi javobgarlikka tortish masalalarini rahbariyatiga koʻrib chiqish uchun taqdim qilish;
Jamiyatning dastlabki buxgalteriya, moliya va boshqa hujjatlaridan foydalanish;
Qoʻmita vakolatlari doirasidagi qaror va topshiriqlarni bajarish, Qoʻmita majlislarida ishtirok etish maqsadida zarur boʻlgan holatlarda Qoʻmita raisi qarori bilan Jamiyatning rahbar shaxslarini, Jamiyat Kuzatuv kengashining boshqa aʼzolarini davriy yoki muntazam ravishda taklif etish;
Qoʻmita fikriga koʻra masalani chuqurroq oʻrganilishiga zarur boʻlsa, Qoʻmita vakolatlariga tegishli boʻlgan masala boʻyicha oʻz tashabbusiga koʻra, Jamiyat Kuzatuv kengashining boshqa qoʻmitalarining fikrini talab qilib olish;
Qoʻmita majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan reglament bilan ajratilgan vaqt doirasida soʻzga chiqish, kun tartibidagi masalalar, qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻzining alohida fikrini Qoʻmita majlisi bayonnomasiga kiritishni talab qilish;
Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlash uchun mazkur Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar berish;
taqdim etilgan hujjatlar asosida tegishli xulosa va takliflar ishlab chiqish va Jamiyat Kuzatuv kengashi muhokamasiga kiritish;
Qoʻmita majlisi kun tartibiga kiritish uchun masalalar taklif qilish.
- Qoʻmita aʼzolarining majburiyatlari:
Qoʻmita ishida qatnashish va uning muntazam ravishda oʻtkaziladigan barcha majlislarida ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Nizom, korxona Ustavi va ichki hujjatlari asosida oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda oʻz faoliyatini sidqidildan olib borish;
korrupsiyaga qarshi kurashish va etika sohasidagi va Jamiyat taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan boshqa sohalardagi yutuqlarni kuzatib borish;
Jamiyat Kuzatuv kengashiga mustaqil aʼzo maqomidagi har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida yoki Qoʻmita tomonidan qabul qilinadigan qarorlar bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi toʻgʻrisida axborot berish;
Jamiyat aksiyadorlarining xuquqlari, manfaatlari va qiziqishlarini himoya qilish prinsiplari asosida faoliyat yurgizish;
Jamiyatning tijorat va xizmat sirlarini oshkor etmaslik hamda maxfiylik talablarini bajarish.
- Qoʻmitaning aʼzolari Qoʻmita majlisida shaxsan qatnashishlari shart. Agar majlisda qatnashish imkoniyati mavjud boʻlmasa, Qoʻmita aʼzosi sabablarini koʻrsatgan xolda Qoʻmitani bu haqda xabardor qiladi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasi aʼzolarining javobgarligi
- Qoʻmitaning aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz majburiyatlarini bajarishda Jamiyatning manfaatlarini koʻzlab ish tutishi hamda belgilangan tartibda javobgar boʻlishi lozim.
- Jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan qarorga ovoz berishda ishtirok etmagan yoki ushbu qarorga qarshi ovoz bergan Qoʻmitaning aʼzolari javobgar boʻlmaydi.
- Yakunlovchi qoidalar
- Mazkur Nizom Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi.
- Ushbu Nizom, shuningdek, unga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar Jamiyat Kuzatuv kengashi raisi va Qoʻmita aʼzolari tomonidan kiritilishi mumkin.