“Markaziy dehqon bozori” AJ Kuzatuv Kengashining 2022-yil

17-iyundagi 03/2022-sonli

yigʻilish qarori bilan

“TASDIQLANGAN”

 

 

“MARKAZIY DEHQON BOZORI”

 aksiyadorlik jamiyatining

IJRO ORGANI TOʻGʻRISIDA

NIZOM

 

 

 

Jizzax shahri – 2022-yil

 

  1. UMUMIY QOIDALAR
    • Mazkur Nizom “Markaziy dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat) ijroiya organining maqomini belgilaydi va uning faoliyatini, huquq va majburiyatlarini tartibga
    • Jamiyatning joriy faoliyatini boshqarish Jamiyat Ustavi va ushbu Nizom bilan belgilanadigan ijro etuvchi organ — direktor tomonidan amalga oshiriladi.
    • Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra ijro etuvchi organ vakolatlari shartnoma boʻyicha tijorat tashkiloti (ishonchli boshqaruvchi)ga berilishi mumkin. Agar jamiyat Ustavida oʻzgacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma shartlari Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.
    • Mazkur Nizom “Aksidorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmoni, Vazirlar Mahkamasining “2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2021-yil 29-martdagi 166-son qarori hamda amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlari va Jamiyat Ustaviga muvofiq ishlab chiqilgan.

 

II . DIREKTORNI SAYLASH (TAYINLASH) VA VAKOLATLARINI TUGATISH TARTIBI

  • Jamiyat direktori (keyingi oʻrinlarda — direktor) aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan bir yildan uch yilgacha muddatga saylanadi (tayinlanadi). Bunda, direktor sifatida tayinlangan (qayta tayinlangan) shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq direktor boʻlishi mumkin emas.
  • Direktorni saylash tartibi Jamiyat Ustavida belgilanadi.
  • Direktor lavozimiga tanlov oʻtkazish tartibi, nomzodga qoʻyiladigan talablar Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan
  • Direktorni saylash (tayinlash) toʻgʻrisidagi aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori yigʻilishda qatnashayotgan jamiyatning ovoz beruvchi aksiyadorlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
  • Direktor lavozimiga nomzodlar oʻzlarining nomzodlari koʻrib chiqilayotganda aksiyadorlar umumiy yigʻilishida qatnashishlari mumkin.
  • Direktor lavozimiga nomzod saylangandan (tayinlangandan) keyin kuzatuv kengashi u bilan 3 (uch) yil muddatga shartnoma tuzadi, shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida har yili qaror qabul qilinishi mumkin. Shartnoma jamiyat nomidan kuzatuv kengashining raisi yoki kuzatuv kengashi vakolat bergan shaxs tomonidan imzolanadi. Direktor bilan tuziladigan shartnomada uning jamiyat faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha majburiyatlari hamda jamiyatning yillik biznes-rejasini bajarish qanday borayotganligi yuzasidan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi va jamiyat kuzatuv kengashi oldida beradigan hisobotlarining davriyligi nazarda tutilishi kerak.
  • Direktorga toʻlanadigan haq miqdori jamiyat faoliyati samaradorligining muhim koʻrsatkichlarini bajarilishi bilan
    toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻladi. Bunda, mehnatga haq toʻlashning yagona ragʻbatlantirish siyosati asosida oylik ish haqi va yil yakunlari boʻyicha bir yoʻla toʻlanadigan mukofot toʻlovlari miqdori kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi. Direktorga jamiyatning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan shtatlar jadvali asosida ish haqi toʻlab boriladi.
  • Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi yoki jamiyat Kuzatuv kengashi, agar jamiyat ustaviga muvofiq unga bunday huquq berilgan boʻlsa, direktor bilan tuzilgan shartnomani, agar u ushbu shartnoma shartlarini, jamiyat ustavini qoʻpol ravishda buzsa yoki uning harakati (harakatsizligi) bilan jamiyatga zarar yetkazsa, u bilan tuzilgan shartnomani muddatidan avval bekor qilish huquqiga ega.
  • Jamiyat tomonidan soliqlar va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga boshqa toʻlovlar, davlat maqsadli fondlari, ish haqi va dividendlar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik hosil boʻlganda, shuningdek, ketma-ket ikki chorak mobaynida biznes-rejaning asosiy parametrlari bajarilmagan taqdirda, direktor bilan mehnat munosabatlarini davom ettirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masala Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi.
  • Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining direktor bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish yoki muddatidan avval bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yigʻilishda qatnashayotgan jamiyatning ovoz beruvchi aksiyadorlarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
  • Kuzatuv kengashining direktor bilan tuzilgan shartnomani muddatidan avval bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori majlisda ishtirok etayotgan kuzatuv kengashi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
  • Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi yoki jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan direktorning vakolatlarini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, uning vakolatlarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala oʻsha yigʻilishning oʻzida hal etilishi yoxud jamiyat ijroiya organining rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxsni tayinlagan holda aksiyadorlarning yaqin oradagi umumiy yigʻilishida koʻrib chiqish uchun qoldirilishi mumkin.

III. JAMIYAT DIREKTORINING HUQUQ
VA MAJBURIYATLARI

  • Direktor vakolatiga jamiyatning joriy faoliyati rahbarligining barcha masalalari kiradi, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi yoki Kuzatuv kengashining vakolatiga kirgan masalalar bundan mustasno.
  • Direktor Jamiyat Ustavida, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qarorlarida, Kuzatuv kengashi qarorlarida, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasida va qonunchilik bilan belgilangan vakolatlari doirasida ish tutadi.
  • Direktor quyidagi huquqlarga ega:

— jamiyat nomidan ishonchnomasiz ish yuritish, davlat muassasalarida, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilot va korxonalarda jamiyat manfaatlarini ifodalash;

— jamiyatning bank va boshqa moliyaviy hujjatlariga birinchi imzolash huquqi bilan banklarda hisob-kitob, valyuta va boshqa hisobvaraqlar ochish;

— jamiyatning mijozlari, shuningdek, boshqa tashkilot va korxonalar bilan bitimlar va shartnomalar tuzish;

— jamiyat nomidan hujjatlarni imzolash;

— oʻz vakolatlari doirasida jamiyatning mol-mulki va mablagʻlarini tasarruf etish;

— xodimlarning shtat jadvalini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Kuzatuv Kengashiga taqdim etish;

— xodimlarni ishga qabul qilish, ular bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish, ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash, mehnat va ijro intizomiga rioya etilishini taʼminlash;

— Oʻzbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligiga va meʼyoriy hujjatlariga muvofiq jamiyat xodimlariga mukofot, moddiy yordam, ustamalar va boshqa ragʻbatlantirishlarni belgilash;

— jamiyatning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni
va jamiyat xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarini tasdiqlash;

— jamiyat nomidan ishonchnomalar berish;

— jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalarning boshqaruv organlarida uning vakillarini jamiyat nomidan ovoz berish boʻyicha koʻrsatma berish;

— jamiyat xoʻjalik tavakkalchiligini va direktorning javobgarligini sugʻurtalashni amalga oshirish;

— jamiyatning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar chiqarish va koʻrsatmalar berish;

— jamiyatning ichki meʼyoriy hujjatlarini tasdiqlash, aksiyadorlar umumiy yigʻilishi yoki kuzatuv kengashining vakolatiga kiruvchi ichki meʼyoriy hujjatlar bundan mustasno;

— qonunchilikda, jamiyat ustavida va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarlarni amalga oshirish.

  • Direktorning majburiyatlari:

— oʻz vakolatlari doirasida jamiyatning samarali va barqaror ishlashini taʼminlash;

— direktor oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz majburiyatlarini bajarishda jamiyatning manfaatlarini koʻzlab ish tutish;

— davlat muassasalarida, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilot va korxonalarda jamiyat manfaatlarini ifodalash;

— jamiyatni rivojlantirish dasturlari va biznes-rejalari ishlab chiqilishiga rahbarlik qilish, ularni tashkil etish va bajarilishini nazorat qilish;

— jamiyatda buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etish, uni ishonchligiligini taʼminlash, yillik hisobotlar va boshqa moliyaviy hisobotlar tegishli organlarga oʻz vaqtida belgilangan tartibda taqdim etish;

— jamiyatning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi hujjatlar jamiyatning Kuzatuv kengashi, taftish komissiyasi yoki jamiyat auditori talabiga koʻra toʻsiqlarsiz belgilangan tartibda taqdim etish;

— jamiyat xodimlari tomonidan xizmat yoki tijorat sirini tashkil etuvchi axborotlarni saqlanishini taʼminlash, shuningdek tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar roʻyxatini Kuzatuv kengashi tomonidan belgilashni tashkillashtirish;

— jamiyatni ixtisoslashgan malakali mutaxassis xodimlar bilan taʼminlash, shuningdek xodimlarining bilimi, malakasi, tajribasi va qobiliyatlaridan namunali foydalanish chora-tadbirlarini koʻrish;

— oʻzining hamda jamiyat mansabdor shaxslarining oʻquv kurslari, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish orqali malakasini oshirish choralarini koʻrish;

— mehnat va ichki tartib intizomiga rioya qilinishi taʼminlash;

— ijtimoiy kafolatlarga rioya qilinishini va jamiyat xodimlarining mehnatini muhofaza qilinishini taʼminlash;

— jamoa muzokaralarida ijroiya organi vakillarining ishtirokini taʼminlash, jamoa shartnomalari va bitimlar tuzilishida ish beruvchi sifatida qatnashish, jamoa shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni bajarish;

— oʻz vakolatiga tegishli ishlarning holati toʻgʻrisidagi axborotni aksiyadorlarning umumiy yigʻilishiga va jamiyatning Kuzatuv kengashiga belgilangan muddatda taqdim etish;

— jamiyat mulkini begonalashtirishni, uni sotish shakli va mexanizmini, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tarkibidagi korxonalar ustav kapitaliga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritish boʻyicha kelishuvlarini (bitim, shartnoma, memorandum va boshqalar) majburiy tarzda oldindan kuzatuv kengashi bilan kelishish;

— jamiyat asosiy faoliyatiga xos boʻlgan yangi koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish yoki qurish hamda xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushni sotib olish, shuningdek, asosiy faoliyatidan tashqari qoʻshimcha faoliyat bilan shugʻullanishni faqat kuzatuv kengashining tegishli qarori qabul qilinganda amalga oshirish;

— ichki hujjatlarga, amaldagi qonun hujjatlariga va boshqa meʼyoriy hujjatlarga muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarish.

  • Direktorning aniq huquqlari va majburiyatlari u bilan kelishilgan holda mehnat shartnomasida belgalanadi.
  • Direktor vazifalarini boshqa tashkilotlarning boshqaruv organlaridagi lavozim bilan birgalikda egallab turishga faqat jamiyat kuzatuv kengashining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

 

  1. JAMIYAT DIREKTORINING JAVOBGARLIGI
  • Direktor oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz majburiyatlarini bajarishda jamiyatning manfaatlarini koʻzlab ish tutishi lozim hamda belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.

Agar ushbu band qoidalariga muvofiq bir nechta shaxs javobgar boʻlsa, ularning jamiyat oldidagi javobgarligi solidar javobgarlik boʻladi.

  • Direktor oʻz vazifasini bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarmaganligi natijasida jamiyatiga yetkazilgan zarar uchun Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga va jamiyat Ustaviga muvofiq jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha toʻliq hajmda jamiyat oldida javob beradi.
  • Jamiyat yoki jamiyatning joylashtirilgan oddiy aksiyalarining hammasi boʻlib kamida bir foizga ega boʻlgan aksiyador (aksiyadorlar) jamiyatga yetkazilgan zararlarni qoplash toʻgʻrisida direktorga nisbatan daʼvo bilan sudga murojaat etishga haqlidir.
  • Direktor mazkur Nizomda belgilanganlardan tashqari, jamiyatning Ustavida belgilangan tartibda ish olib boradi.