“Markaziy dehqon bozori” AJ kuzatuv kengashining 2022-yil

17-iyundagi 03/2022-sonli

yigʻilish qarori bilan

TASDIQLANGAN

 

“MARKAZIY DEHQON BOZORI”AJ KUZATUV KENGASHI HUZURIDAGI STRATEGIYA VA INVESTITSIYALAR QOʻMITASI TOʻGʻRISIDA

NIZOM

 

 

 

 

Jizzax shahri – 2022-yil

 

  1. Umumiy qoidalar
    • Mazkur Nizom (keyingi oʻrinlarda – Nizom) Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning xuquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmoniga, Vazirlar Mahkamasining “2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2021-yil 29-martdagi 166-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “2021 — 2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasiga, “Markaziy dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda – Jamiyat) ustaviga, Kuzatuv kengashi toʻgʻrisidagi Nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Jamiyat Kuzatuv kengashi huzuridagi Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) huquqiy maqomini, tarkibini, vakolatlarini va uning ishlash tartibini belgilaydi.
    • Qoʻmitaning eng muhim masalalarni koʻrib chiqish va Jamiyatning Kuzatuv kengashiga tavsiyalar tayyorlash uchun Jamiyat Kuzatuv kengashining qarori asosida tashkil etiladi. Qoʻmita Jamiyat Kuzatuv kengashining doimiy faoliyat yurituvchi ishchi organi hisoblanadi.
    • Qoʻmita oʻz faoliyatini amaldagi qonunchilik, Jamiyat ustavi va mazkur Nizomga asosan amalga oshiradi.

 

  1. Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasining tarkibi
    • Qoʻmita faqat Jamiyat Kuzatuv kengashining aʼzolaridan 3 kishidan iborat tarkibda tashkil etiladi.
    • Qoʻmitaning aʼzolari Jamiyat Kuzatuv kengashi raisining tavsiyasi asosida Kuzatuv kengashi aʼzolaridan ularning vakolat muddati davriga koʻpchilik ovoz bilan saylanadi. Qoʻmitaning raisi Qoʻmita aʼzolari orasidan Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Qoʻmitaning raisi Jamiyat Kuzatuv kengashining raisi boʻlmasligi lozim.
    • Qoʻmitaning tarkibiga saylangan Kuzatuv kengashi aʼzolari cheklanmagan tarzda qayta saylanishi mumkin.
    • Qoʻmitaning aʼzolari strategik va ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, investitsiya loyihalari samaradorligini va ularning Jamiyat aksiyadorlik qiymatini oshirishda taʼsirini baholash maqsadlari va vazifalariga mos keluvchi malaka va/yoki tajribaga ega boʻlishi lozim. Qoʻmitaning kamida bitta aʼzosi strategik rejalashtirish va kamida bitta aʼzosi investitsiyalar samaradorligini baholash boʻyicha bir necha yillik tajribaga ega boʻlishi kerak.
    • Qoʻmitaga rahbarlik qilish va faoliyatini tashkil etish Qoʻmita raisi tomonidan amalga oshiriladi. Qoʻmita raisining vaqtinchalik yoʻqligida rais vazifasini bajarib turish aʼzolardan biriga yuklatilishi mumkin.
    • Qoʻmita aʼzolari oʻrtasidagi funksiyalar taqsimlanishi Qoʻmitaning raisi tomonidan amalga oshiriladi.

 

  • Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasining asosiy vazifalari
    • Qoʻmitaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Jamiyat va jamiyat aksiyadorlari manfaatlarini koʻzlab ish olib borish, xususan, uzoq muddatli istiqbolda jamiyat faoliyati samaradorligini hamda uning aktivlari, rentabelligi va investitsion jozibadorligini oshirishga hissa qoʻshish;

Jamiyat faoliyatining strategik maqsadlarini aniqlash, Jamiyat strategiyasining bajarilishini nazorat qilish, Kuzatuv kengashiga tavsiyalar berish

Jamiyatning mavjud rivojlanish strategiyasiga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash;

Jamiyat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini rivojlantirish;

Jamiyatning dividend siyosati boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish;

Jamiyatning qimmatli qogʻozlarini sotib olish uchun ixtiyoriy va majburiy takliflarni baholash;

Jamiyat va u tomonidan nazorat qilinadigan tashkilotlarni qayta tashkil etish va tugatish masalalarini koʻrib chiqish;

Jamiyat va u tomonidan nazorat qilinadigan tashkilotlarning tashkiliy tuzilmasini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish;

Jamiyatning biznes-jarayonlarini va u tomonidan nazorat qilinadigan yuridik shaxslarni qayta tashkil etish masalalarini koʻrib chiqish;

Jamiyatning investitsiya faoliyatini nazorat qilish, istiqbolli investitsiya loyihalari samaradorligini va ularning Jamiyat aksiyadorlik qiymatini oshirishda taʼsirini baholash;

Jamiyatning yillik hisoboti va boshqa xujjatlariga kiritish uchun Qoʻmita faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot tayyorlash va taqdim etish;

Kuzatuv kengashi tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish.

  • Qoʻmita strategik rivojlanish va investitsiya faoliyatida tavakkalchilikning samaradorligini taʼminlash uchun:

Jamiyatning rivojlanish strategiyasi va investitsiya siyosatini ishlab chiqishda qatnashadi va tasdiqlash uchun Kuzatuv kengashiga kiritadi;

Jamiyat faoliyatining strategik va ustuvor yoʻnalishlarini bajarilishi va Jamiyatning investitsiya faoliyatini samaradorligini baxolash oʻtkazish tashabbusi bilan Kuzatuv kengashiga chiqadi;

Kuzatuv kengashi oldida strategik rivojlanish va investitsiya faoliyati masalalari boʻyicha hisobot beradi.

 

  1. Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasi majlislarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
    • Qoʻmitaning majlisi Qoʻmita raisi tomonidan uning oʻz tashabbusiga koʻra, Qoʻmitaning aʼzolarining talabiga koʻra, shuningdek, Jamiyat ijroiya organi rahbarining yozma talabiga koʻra chaqiriladi.
    • Qoʻmita har chorak yakuniga koʻra, zarur boʻlganda har oyda, qoʻmita aʼzolarining shaxsan ishtirokida yoki boshqa aloqa tarmoqlaridan foydalanish yoʻli bilan oʻz majlislarini oʻtkazib turishi lozim. Qoʻmita Jamiyatning ijroiya organi va boshqa shaxslarni Qoʻmita majlislariga qatnashish uchun taklif qilishi, shuningdek zarur boʻlganda ulardan axborot talab qilishi mumkin.
    • Qoʻmita aʼzolari muayyan masalaning kechiktirilmay hal etilishini talab qiladigan qoidabuzilishlar aniqlangan taqdirda Qoʻmitaning shoshilinch majlisini chaqirilishini talab qilishlari mumkin.
    • Qoʻmita oʻz majlislarini Jamiyat Kuzatuv kengashi majlislaridan oldin oʻtkazadi.
    • Qoʻmitaning raisi Qoʻmita majlisidagi barcha ishtirokchilarga uni lozim darajada oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va unda olib chiqilgan masalalarni muhokama qilishda faol ishtirok etish imkoniyatlarini yaratadi. Qoʻmitaning aʼzolari Qoʻmita majlislarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish hamda ularda ishtirok etish uchun yetarli darajada vaqt ajratishlari lozim.
    • Qoʻmita majlisida uning aʼzolarining eng kamida 2/3 qismi ishtirok etsa, majlis vakolatli hisoblanadi, bunda Qoʻmita raisi ishtirok etishi shart.
    • Qoʻmitaning majlisida qarorlar majlisda hozir boʻlganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
    • Qoʻmitaning majlisida masalalar hal etilayotganda Qoʻmitaning har bir aʼzosi bitta ovozga ega boʻladi. Ovozlar teng kelgan taqdirda, Qoʻmita raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Qoʻmitaning qaroriga rozilik bildirmagan Qoʻmita aʼzosi oʻzining majburiy tartibda majlis bayonnomasiga ilova qilinadigan alohida fikrini qayd etib qoʻyish va uni Kuzatuv kengashi eʼtiboriga havola qilish huquqiga ega.
    • Qoʻmitaning qarori Qoʻmita majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu bayonnoma Qoʻmita kotibi tomonidan yuritiladi va ovoz berishda ishtirok etgan Qoʻmita aʼzolari tomonidan imzolanadi.
    • Qoʻmita majlislariga kotiblik qilish vazifasini jamiyat raisining taalluqli oʻrinbosari bajaradi.
    • Qoʻmitaning raisi:

Qoʻmitaning ishini tashkil etadi;

Qoʻmita majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;

Qoʻmita majlislarida bayonnoma yuritilishini tashkil etadi;

Jamiyat ichki meʼyoriy hujjatlari va mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.

  • Qoʻmitaning kotibi:

Qoʻmita majlislari bayonnomalarini yuritadi va rasmiylashtiradi;

Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilishi uchun kun tartibidagi masalalar boʻyicha materiallarni tayyorlaydi va taqdim qiladi;

Qoʻmitaning qarorlarini, xulosalarini va bayonnomalarini oluvchilargacha yetkazadi.

  • Jamiyatning Biznesni istiqbolli rivojlantirish boʻlinmasi boshligʻi yoki Jamiyatda investitsiyalarni jalb qilishga masʼul boʻlinmasining boshligʻi, ularning xodimlari Qoʻmitaning majlislarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etishlari mumkin.
  • Qoʻmita vakolati doirasida qabul qilingan barcha qarorlar qabul qilingan kunidan boshlab, Jamiyat ijroiya organi va boshqa mansabdor shaxslari uchun ijro etish majburiydir. Ushbu qarorlarda koʻrsatib oʻtilgan mansabdor shaxslar qarorning oʻz vaqtida hamda qaror ijrosiga mos ravishda bajarilishiga shaxsan javobgardirlar. Qoʻmita qarorlari ijrosini nazorat qilish Qoʻmita raisi tomonidan amalga oshiriladi.

 

  1. Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
    • Qoʻmitaning aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:

Jamiyat ijro organi aʼzolarining va Jamiyatning boshqa mansabdor shaxslaridan oʻz faoliyati uchun kerakli barcha hujjatlarni va materiallarni taqdim etishni talab qilish;

Jamiyatning Biznesni istiqbolli rivojlantirish boʻlinmasi va Jamiyatda investitsiyalarni jalb qilishga masʼul boʻlinmasidan hujjatlarni va materiallarni soʻrab olish va ulardan foydalanish;

agar Jamiyatga jiddiy moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan yoki yetkazilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan qoidabuzilishlar aniqlansa, ijroiya organi majlisi chaqirilishini talab qilish;

Jamiyatning tarkibiy boʻlinmalari xodimlari, shu jumladan rahbarlaridan koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha izohlar talab qilish;

aybdor xodimlarni intizomiy, mulkiy va boshqa turdagi javobgarlikka tortish masalalarini rahbariyatiga koʻrib chiqish uchun taqdim qilish;

Jamiyatning dastlabki buxgalteriya, moliya va boshqa hujjatlaridan foydalanish;

Qoʻmita vakolatlari doirasidagi qaror va topshiriqlarni bajarish, Qoʻmita majlislarida ishtirok etish maqsadida zarur boʻlgan holatlarda Qoʻmita raisi qarori bilan Jamiyatning rahbar shaxslarini, Jamiyat Kuzatuv kengashining boshqa aʼzolarini davriy yoki muntazam ravishda taklif etish;

Qoʻmita fikriga koʻra masalani chuqurroq oʻrganilishiga zarur boʻlsa, Qoʻmita vakolatlariga tegishli boʻlgan masala boʻyicha oʻz tashabbusiga koʻra, Jamiyat Kuzatuv kengashining boshqa qoʻmitalarining fikrini talab qilib olish;

Qoʻmita majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan reglament bilan ajratilgan vaqt doirasida soʻzga chiqish, kun tartibidagi masalalar, qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻzining alohida fikrini Qoʻmita majlisi bayonnomasiga kiritishni talab qilish;

Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlash uchun mazkur Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar berish;

taqdim etilgan hujjatlar asosida tegishli xulosa va takliflar ishlab chiqish va Jamiyat Kuzatuv kengashi muhokamasiga kiritish;

Qoʻmita majlisi kun tartibiga kiritish uchun masalalar taklif qilish.

  • Qoʻmita aʼzolarining majburiyatlari:

Qoʻmita ishida qatnashish va uning muntazam ravishda oʻtkaziladigan barcha yigʻilishlarida ishtirok etish;

Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Nizom, korxona Ustavi va ichki hujjatlari asosida oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda oʻz faoliyatini sidqidildan olib borish;

tegishli sanoat va iqtisodiyotdagi tendensiyalarini, axborot texnologiyalari sohasidagi va Jamiyat taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan boshqa sohalardagi yutuqlarni kuzatib borish;

Jamiyat aksiyadorlarining xuquqlari, manfaatlari va qiziqishlarini himoya qilish prinsiplari asosida faoliyat yurgizish;

Jamiyatning tijorat va xizmat sirlarini oshkor etmaslik hamda maxfiylik talablarini bajarish.

  • Qoʻmitaning aʼzolari Qoʻmita majlisida shaxsan qatnashishlari shart. Agar majlisda qatnashish imkoniyati mavjud boʻlmasa, Qoʻmita aʼzosi sabablarini koʻrsatgan xolda Qoʻmitani bu haqda xabardor qiladi.

 

  1. Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasi aʼzolarining javobgarligi
    • Qoʻmitaning aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz majburiyatlarini bajarishda Jamiyatning manfaatlarini koʻzlab ish tutishi hamda belgilangan tartibda javobgar boʻlishi lozim.
    • Jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan qarorga ovoz berishda ishtirok etmagan yoki ushbu qarorga qarshi ovoz bergan Qoʻmitaning aʼzolari javobgar boʻlmaydi.

 

  • Yakunlovchi qoidalar
    • Mazkur Nizom Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi.
    • Ushbu Nizom, shuningdek, unga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar Jamiyat Kuzatuv kengashi raisi va Qoʻmita aʼzolari tomonidan kiritilishi mumkin.